O'zbekistonda qayta tiklanadigan energiya ta'minoti tizimlari muhandislik jamiyatiga xush kelibsiz

Loyihaning birinchi milliy konferentsiyasi.

24 Sentabr 2024

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasining 7 ta universiteti hamda Yevropaning 3 ta universiteti hamkorligida ERASMUS+ Oliy ta’lim salohiyatini oshirish dasturi doirasida 101128871 – DEBSEUz – ERASMUS-EDU-2023-CBHE loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha rejasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning 20–21-sentabr kunlari Farg‘ona politexnika institutida loyiha doirasida “Quyosh energetikasida kadrlar tayyorlash: texnologiyalar, usullar va vositalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Mazkur konferensiya quyosh energetikasi sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lgan, ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha yuqori ilmiy natijalarga erishgan O‘zbekiston hamda boshqa mamlakatlarning yetakchi olimlarini birlashtirdi.

Konferensiyani tashkil etishdan asosiy maqsad O‘zbekistonda quyosh energetikasi bo‘yicha kadrlar tayyorlashning bugungi holati, texnologiyalari, uslub va vositalarini o‘rganish hamda ularni oliy ta’lim tizimida qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi. Konferensiyaga nafaqat oliy ta’lim muassasalari olimlari, balki tarmoq korxonalarining yetakchi mutaxassislari ham jalb etilib, bugungi kunda quyosh energetikasi sohasidagi mutaxassislarga qo‘yilayotgan asosiy talab va ehtiyojlar o‘rganildi.

Qayd etish joizki, DEBSEUz loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur xalqaro anjumanga 100 dan ortiq maqola kelib tushdi. Xususan, barcha hamkor oliy ta’lim muassasalaridan ilmiy maqolalar taqdim etildi. Bu esa quyosh energetikasi va ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash masalalari bugungi kunda O‘zbekistonda dolzarb yo‘nalishlardan biriga aylanganining yaqqol dalilidir.

Anjuman yuqori saviyada tashkil etilib, qizg‘in bahs-munozaralar va ilmiy fikr almashuvlarga boy bo‘ldi. Mazkur konferensiyani DEBSEUz loyihasining muhim yutuqlaridan biri sifatida baholash mumkin.

Yuqoriga